Oʻzbek tili rivojiga toʻsqinlik qilayotgan baʼzi muammolar
Soʻnggi 30 yil (va ayniqsa oxirgi 5-7 yil) davomida oʻzbek tilini isloh qilish yuzasidan koʻp fikrlar aytildi. Ularning koʻpchiligi alifbo islohoti mavzusiga atalgan boʻlsa ham, aslida tilimizning zamon talablariga toʻlaroq javob berishiga toʻsqinlik qilayotgan boshqa muammolar ham bor. Men tilshunos emasman va bu yerda bildirgan fikrlarimda filologlar koʻplab kamchiliklar topishi ehtimoli baland. Ammo koʻp yillar tilgan doir loyiha ustida ishlash mobaynida duch kelgan va aniqlagan muammolar haqida oʻz qarashlarimni ulashishni maʼqul topdim. Shunchaki mulohaza yuritish uchun.
Eng ogʻriqli muammo
Alifbo — tilimizni sogʻlom oʻsishdan tiyib turgan eng jiddiy muammo ekani hech kimga yangilik emas. Koʻpchiligimiz alifboni isloh qilish kerakligiga qoʻshilamiz — bahslar uni aynan qanday isloh qilish haqida boryapti xolos.
Oʻ va Gʻ tovushlarini ifodalash uchun bitta belgi ishlatish haqidagi taklif mantiqan toʻgʻri. Hozir bu harflarni yozish usulimiz texnik jihatdan juda noqulay. Ularni ifodalash uchun taklif qilinayotgan qalpoqli belgilarni amalga joriy qilish esa jiddiy texnik qiyinchilik tugʻdirmaydi. Buning uchun hamma klaviaturalarni almashtirish ham kerak emas — juda oddiy dastur yordamida joriy klaviaturalarda ishlatilmaydigan tugmalarga qalpoqli Oʻ va Gʻ harflarini biriktirib qoʻyish mumkin.
Yangi talqindagi SH va CH harflarini joriy klaviaturalarda kiritish muammosini ham hal qilish mumkin. Bizning Savodxon klaviaturasi dasturidan foydalanganlar yaxshi biladi — birin-ketin bosilgan ikki tugma biz istagan belgini kiritishini oddiy dastur bilan joriy qilish mumkin (masalan, S tugmasidan keyin H tugmasi bosilganda SH tovushi uchun taklif qilinayotgan yangi dumli S belgisi kiritiladigan qilish mumkin). Dasturiy jihatdan bu qanchalik oson hal boʻladigan muammo ekanini amalda koʻrish uchun MS Word dasturida inglizcha “naive” soʻzini kiritib koʻring — dastur avtomatik undagi i belgisini kerakli ikki nuqtalisiga alishtirib qoʻyadi.
Endi eng mujmal masalaga oʻtsak. TS tovushi masalasi oxirgi alifbo islohotida juda gʻaliz usulda hal qilingani bois, biz haligacha buning oqibatlaridan aziyat chekib kelmoqdamiz. Bu haqida gap ketganda koʻpchilik “sirk” va “abzas” kabi koʻp uchraydigan soʻzlarni sanab oʻtish va shu bilan oʻz fikrini asoslash bilangina cheklanib qoladi. Ammo tilimizda bu tovush qatnashgan soʻzlar juda koʻp — ayniqsa ilm-fanning turli sohalariga doir atamalar unga koʻp tayanadi (tibbiyot ilmi mutaxassislardan soʻrasangiz, oʻzbek tilida ilmiy nutq soʻzlash qanchalik zavqli ekanini yana ham kattaroq zavq bilan aytib berishadi).
Hozirgi TS imlosi “u yerda kelsa, unday — bu yerda kelsa, bunday” kabi chigal qoidalarga asoslangan. Kundalik foydalanuvchi uchun bunday chalkash qoidalarga toʻliq amal qilish qiyin. Faqatgina chet tillardan olingan soʻzlarda ishlatiladigan bu tovush uchun alohida belgi (masalan, C) joriy qilish hamma muammoni birdan hal qiladi (axir, F tovushi va harfi ham bizga begona — uni faqat forscha va arabcha soʻzlarda ishlatamiz).
Boshqa muammolar
Zamonaviy talaffuzda biz H va X tovushlarini farqlamaymiz (odilona oʻylab koʻrgan odam kundalik hayotda ularni farqlab talaffuz qilmasligini biladi). Shunday ekan, bu tovushni faqat H bilan ifodalashni joriy qilish kerak. Bu bilan hamma yoppasiga savodsiz boʻlib qolmaydi — bu harflar maʼno ajratadigan soʻzlar juda kam. Agar omonimlar odamlarni savodsiz qilib qoʻysa — tilimizdagi shuncha mavjud omonimni qanday farqlayapmiz, hayronman.
Xuddi shu mantiqqa koʻra, tutuq belgisidan ham xalos boʻlish kerak. U bizning tilimizga begona — shuning uchun u qatnashgan (arab tilidan kirgan) soʻzlarni oʻz usulimizda talaffuz qilamiz. Hech birimiz oddiy muloqotda “aʼlo” soʻzini a dan keyin bir toʻxtab olib talaffuz qilmaymiz. Hatto rasmiy nutqlarda ham “manaviyat”, “sanat” yoki “etibor” deyilgani bilan, bular nimani anglatishini hech kim tushunmay qolayotgani yoʻq. Tutuq belgisini biz uchun qanchalik ahamiyatsiz ekanini koʻplab ismlarda (“Sadulla”, “Masuda”, “Mamurjon” va hokazo) undan xalos boʻlganimizning oʻzi ham yaqqol koʻrsatadi. Axir, eng muhim hujjatlarda bu ismlar yoziladi. Tutuq belgisini ifodalash uchun bugun ishlatilayotgan belgi koʻplab texnik muammolar keltirib chiqaradi (dasturchilar buni yaxshi biladi). Shu bois, taklif qilinayotgan islohotlar bu muammoni eʼtiborsiz qoldirgani achinarli.
Mening fikrimcha, tilimizda chalkashliklar keltirib chiqarayotgan yana bir muammo — bu qaratqich va tushum kelishiklari qoʻshimchalari. Bu yerda ham hammasi yetarlicha oddiy: hammamiz ikki holat uchun ham “ni” qoʻshimchasini ishlatib gapiramiz. Bundan fikrimiz maʼnosi oʻzgarib ketmaydi, boshqalar bizni tushunmay qolmaydi. Ammo yozuvga kelganda ularni farqlash talab etiladi. Bu ikki kelishikni birlashtirish (tushum kelishigidan xalos boʻlish) kerak. Bunda “ni” qoʻshimchasini olgan soʻzdan keyin kelgan soʻz ana shu qoʻshimchani olgan soʻzga “qarashli” ekani bilan buni bolalarga tushuntirish mumkin (“akamni kitobi” — kitob akamga qarashli, “akamni chaqirdim” — chaqirmoq amalim akamga qaratilgan).
Shu bilan birga, Gʻ bilan tugagan asoslarga “ga” bilan boshlanuvchi qoʻshimchalar qoʻshilganda tovush almashishi boʻlishi kerak degan qoidani qayta tiklash kerak. Biz nutqimizda “boqqa”, “toqqa”, “dimoqqa” deb talaffuz qilamiz — odamlardan “dimogʻga” deb talaffuz qilishni (va shunday yozishni) kutish boshqalarni qiynab zavq olishning qandaydir noyob koʻrinishi.
NG tovushini alohida harf deb tan olishni bas qilish kerak. Bugun hech kim “de-ngiz” yoki “koʻ-ngil” demaydi — hammamiz “den-giz” yoki “koʻn-gil” deymiz. Navoiy asarlarini oʻrganayotgan mutaxassislar oʻsha zamon talaffuzini hurmat qilgan holda ish yuritishi bir gap — lekin butun ommani amaldagi nutqda yoʻq shu harfga majburlab koʻndirish boshqa masala.
Bundan tashqari, baʼzi yuklamalarni chiziqcha bilan soʻzga biriktirish amaliyotini bekor qilish kerak. Buning eng chigal joyi shuki, ularning baʼzilari soʻzga qoʻshilib yozilsa (mi, dir, gina, ki), boshqalari chiziqcha bilan yozilishi kerak (-chi, -ku, -a/ya, -u/yu, -ov/yov, -da). Bu nafaqat hammani chalkashtiradi, bunda chiziqcha belgisi koʻplab texnik muammolar keltirib chiqaradi (masalan, matn tahrir dasturlari chiziqcha bilan yozilgan yuklamalarni yangi qatorga oʻtkazib qoʻyadi).
Lotin alifbosiga oʻtganimizdan beri bizni qiynab kelayotgan yana bir muammo — “sentyabr” muammosi edi. Uni (va nihoyat) olimlar bir yoqqa surib, eng soʻnggi lugʻatda hamma shu kabi soʻzlarda y belgisini saqlab qolib, bu mujmallikka chek qoʻyishibdi (bu chalkashlik baʼzi foydalanuvchilarimizda qanchalik norozilik uygʻotganini hisobga olsak, biz bu islohotdan mamnunmiz).
Yakuniy fikrlar
Ushbu maqola bilan men til va alifbo islohoti aynan men yuqorida aytganday boʻlishi kerak demoqchi emasman. Ommaviy muhokamadan keyin qanday qarorga kelinsa, dasturchi sifatida shuni qabul qilib, Savodxon dasturi ishini yangi talablarga moslashtirib qoʻyaveraman. Ammo tilni isloh qilish haqida oʻylayotgan ekanmiz, masalaga har tomonlama chuqur, uzoqni koʻzlab yondashish kerak deb hisoblayman. Aks holda, til muammolarini hal qilishga boʻlayotgan bugungi urinishlar shu paytgacha qilingan chala islohotlar zanjiriga yana bir halqa boʻlib osiladi xolos. Natijada, til va yozuv bilan bogʻliq yangi muammolar kelib chiqadi va islohotga sarflangan kuch va mablagʻ oʻzini oqlamaydi.
Javlon Joʻrayev
Savodxon dasturi muallifi
Barcha yangiliklar