Savodxon sayti xizmatlaridan foydalanish shartlari (oferta)
2-aprel, 2019-yil
Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani
Soʻnggi yangilanish sanasi: 5-iyul, 2022-yil
Ushbu hujjat “savodxon.uz” vebsayt muallifi, yakka tartibdagi tadbirkor JURAYEV JAVLON UMMATALIYEVICH (keyingi oʻrinlarda “Sayt maʼmuriyati” deb yuritiladi) tomonidan internet tarmogʻi foydalanuvchisiga (keyingi oʻrinlarda – “Foydalanuvchi” deb yuritiladi) “savodxon.uz” sayti orqali koʻrsatiladigan pulli xizmatlardan foydalanish uchun shartnoma (keyingi oʻrinlarda “Shartnoma” yoki “Oferta” deb yuritiladi) tuzish haqidagi rasmiy taklif (ommaviy oferta) hisoblanadi.
1. Asosiy tushunchalar
1.1. Xizmatlar – foydalanuvchi kiritgan va topshirgan oʻzbek tilidagi matnni sayt maʼmuriyatiga tegishli serverda joylashgan dasturiy taʼminot yordamida imlo xatolariga tekshirish va/yoki lotin/kirill yozuvlariga oʻgirish xizmatlari.
1.2. Sayt – foydalanuvchiga internet tarmogʻiga ulangan holda xizmatlardan foydalanishga imkon beruvchi, https://savodxon.uz manzilida joylashgan dasturiy vositalar toʻplami.
1.3. Foydalanuvchi – ushbu ofertada taklif qilingan xizmatlardan foydalanish maqsadida saytda roʻyxatdan oʻtgan shaxs.
1.4. Hisob – foydalanuvchi tomonidan oʻz shaxsiy maʼlumotlarini (ismi va elektron pochta manzilini) maxsus anketaga kiritish va sayt serveriga yuborish (roʻyxatdan oʻtish) orqali yaratiladigan qayd. Hisob foydalanuvchining xizmatlardan foydalanish uchun toʻlagan pul miqdorini aks ettirib turadi. Hisobdagi mablagʻ saytda taklif qilingan toʻlov usullaridan biri yordamida toʻldiriladi. Hisob daxlsizligi foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtish paytida tanlagan parol bilan himoyalanadi.
1.5. Obuna – belgilangan haq evaziga maʼlum muddatga saytdagi xizmatlardan foydalanish huquqini olish tartibi. Foydalanuvchi taklif qilingan obuna muddatlaridan birini yoki bir nechtasini oʻzi tanlab sotib oladi. Obuna sotib olinganda, foydalanuvchi hisobidan shu obuna muddati narxiga teng mablagʻ yechib olinadi.
2. Aksept tartibi
2.1. Foydalanuvchi saytda roʻyxatdan oʻtish bilan ushbu ofertani qabul qilgan, shu paytdan boshlab sayt maʼmuriyati va foydalanuvchi oʻrtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
2.2. Roʻyxatdan oʻtishdan avval, foydalanuvchiga saytdan foydalanish shartlari bilan tanishib chiqish taklif qilinadi. Foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtish anketasidagi “Saytdan foydalanish shartlari bilan tanishib chiqdim va ularga roziman” mazmunidagi taʼkid qarshisiga maxsus belgi qoʻyish bilan ushbu oferta shartlari bilan tanishganligini tasdiqlaydi. Oferta matni bilan toʻliq tanishib chiqish foydalanuvchi zimmasidadir.
2.3. Ushbu oferta shartlarini qabul qilishni istamagan va hali roʻyxatdan oʻtmagan foydalanuvchi saytda roʻyxatdan oʻtmasligi lozim.
2.4. Ushbu oferta shartlarini qabul qilishni istamagan, ammo roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi saytdagi xizmatlardan foydalanishni ushbu ofertaning 8.1-bandiga koʻra toʻxtatishi lozim.
2.5. Saytda Facebook yoki Google tarmoqlari orqali roʻyxatdan oʻtilganda, foydalanuvchi roziligi bilan ushbu tarmoqlardan uning email manzili va ismi soʻrab olinadi va saytda foydalanuvchi uchun hisob ochishda ishlatiladi. Foydalanuvchi istalgan vaqtda Facebook yoki Google tarmoqlaridan soʻrab olingan maʼlumotlarni oʻchirishni talab etishi mumkin. Buning uchun foydalanuvchi sayt maʼmuriyatiga savodxon@gmail.com elektron pochta manzili orqali talabnoma yuborishi kerak. Sayt maʼmuriyati 24 soat ichida foydalanuvchi talabiga binoan foydalanuvchi maʼlumotlarini oʻz maʼlumotlar bazasidan oʻchiradi va foydalanuvchi hisobini yopadi.
3. Shartnoma predmeti
3.1. Mazkur shartnomaga muvofiq, sayt maʼmuriyati foydalanuvchiga oʻzbek tilidagi matnni imlo xatolariga tekshirish, tahrir qilish va/yoki lotin/kirill yozuvlariga oʻgirish bilan bogʻliq pulli xizmatlarni taklif etadi. Foydalanuvchi saytda taklif qilingan pulli xizmatlardan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
3.2. Shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan barcha holatlarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari talablari va ish muomalasi odatlariga amal qiladilar.
3.3. Foydalanuvchi saytda roʻyxatdan oʻtish bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364, 365, 369 va 370-moddalariga muvofiq foydalanish shartnomasiga toʻliq va soʻzsiz rozi ekanini bildiradi.
3.4. Mazkur Foydalanish shartnomasi ochiq va ommaviy hujjat hisoblanadi. Foydalanish shartlarining amaldagi tahriri Internet tarmogʻida https://savodxon.uz/qoidalar manzilda joylashtiriladi.
4. Mualliflik huquqlari va shaxsiy maʼlumotlar
4.1. Saytda ishlov berilgan matnga aloqador mualliflik huquqlar oʻz egasida qoladi va sayt ishlov berilgan matnni toʻligʻicha saqlab qolmaydi. Saytda ishlov berilgan matn alohida soʻz va jumlalarga ajratilib, serverga yuboriladi. Server bu soʻz va jumlalar orasidan xato yozilganlarini aniqlaydi va shu xato soʻzlar roʻyxatini foydalanuvchi qurilmasiga qaytaradi. Serverga yuborilgan soʻz va jumlalar orasidan toʻgʻri deb topilganlarini dastur bazasiga qoʻshib boriladi.
4.2. Sayt taklif qilgan xizmatlar yordamida ishlov berilgan matnga aloqador mualliflik huquqlari buzilmasligini taʼminlash foydalanuvchining zimmasidadir.
4.3. Sayt maʼmuriyati foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini tegishli darajada himoya qiladi va ularni tijorat yoki boshqa maqsadda uchinchi shaxslarga ulashmaydi.
4.4. Foydalanuvchining shaxsiy maʼlumotlari faqatgina vakolatli davlat organlarining qonuniy talabiga koʻra shu davlat organlarining vakolatli xodimlariga beriladi.
5. Xizmatlardan foydalanish va toʻlov tartibi
5.1. Saytda taklif qilingan pulli xizmatlardan faqatgina saytda hisob ochgan (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslargina foydalanishi mumkin. Hisob ochish uchun foydalanuvchi oʻz ismi, mavjud va ishlab turgan elektron pochta manzilini hisob ochish anketasiga kiritadi. Hisob ochishda kiritilgan elektron pochta manziliga sayt maxsus havolaga ega xat yuboradi. Foydalanuvchi xatdagi maxsus havolani ochish bilan oʻz elektron pochta manzilini tasdiqlaydi. Elektron pochta manzili haqiqiy boʻlishi va bexato ishlashiga ishonch hosil qilish foydalanuvchi zimmasidadir. Foydalanuvchi oʻz elektron pochta manzilini tasdiqlamaguncha, sayt xizmatlaridan foydalana olmaydi.
5.2. Xizmatlardan foydalanish uchun foydalanuvchi obuna sotib olishi zarur. Obuna narxlari sayt bosh sahifasida ochiq koʻrsatib qoʻyiladi.
5.3. Obuna uchun toʻlov foydalanuvchining hisobidan yechib olinadi.
5.4. Foydalanuvchi oʻz hisobini saytda taklif qilingan usullarning biri yoki bir nechtasi bilan toʻldirish mumkin. Belgilangan cheklovlar doirasida toʻlov miqdorini foydalanuvchining oʻzi tanlaydi. Hisobni toʻldirish uchun quyidagi cheklovlar amal qiladi:
- Payme toʻlov tizimi orqali toʻlanganda: kamida 1 000 soʻm, koʻpi bilan 10 000 000 soʻm;
- PayPal toʻlov tizimi orqali toʻlanganda: kamida 5 AQSh dollari, koʻpi bilan 30 AQSh dollari.
5.5. Xalqaro kartalar orqali toʻlov amalga oshirilganda toʻlov miqdori AQSh dollarining soʻmga nisbatan amaldagi kursi boʻyicha oʻgirilib, foydalanuvchi hisobiga qoʻshiladi.
5.6. Foydalanuvchi amalga oshirgan barcha toʻlovlar va xarid qilgan barcha obunalari haqidagi maʼlumotlar foydalanuvchi hisobi sahifasida koʻrsatiladi.
5.7. Sayt maʼmuriyati obuna narxlarini istalgan paytda foydalanuvchini ogohlantirmasdan oʻzgartirish huquqiga ega. Oʻzgargan obuna narxlari faqat shu oʻzgarish amalga oshgandan soʻng sotib olinadigan obunalargagina tatbiq qilinadi.
5.8. Sayt maʼmuriyati toʻlov tizimlarida yuz beradigan texnik nosozliklar, buzilishlar, notoʻgʻri ishlash va boshqa holatlarda foydalanuvchiga yetgan zarar uchun javobgar hisoblanmaydi. Toʻlov foydalanuvchi va toʻlov tizimlari oʻrtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.
5.9. Bir foydalanuvchi hisobidan faqat bitta shaxs foydalanishi mumkin. Foydalanuvching saytga kirish uchun paroli xavfsizligini foydalanuvchining oʻzi taʼminlaydi. Foydalanuvchi oʻz hisobi orqali saytga kirib, undagi xizmatlardan foydalanayotgan paytda boshqa shaxs uning hisobiga kirsa, saytga avval kirgan foydalanuvchi saytdan majburan chiqariladi.
5.10. Sayt maʼmuriyati saytning turli sahifalarida reklama joylashtirish huquqiga ega. Foydalanuvchi toʻlovni amalga oshirib, obuna sotib olgan taqdirda ham, sahifalarda reklama koʻrishi mumkin. Obuna toʻlovi sayt ruknlaridan reklamalarni olib tashlash uchun emas, saytning bevosita xizmatlaridan foydalanish uchun amalga oshiriladi.
6. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
6.1. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
- Saytda taklif qilingan xizmatlardan foydalanish;
- Saytda taklif qilingan xizmatlardan foydalanishni toʻxtatish;
- Sayt maʼmuriyatiga saytda taklif qilingan xizmatlar yuzasidan taklif, shikoyat va arizalar bilan murojaat qilish (murojaatlar savodxon@gmail.com elektron pochta manziliga yuborilishi kerak);
- Sayt faoliyati haqida ommaviy ochiq ijobiy yoki tanqidiy fikr bildirish (fikr va soʻz erkinligi).
6.2. Sayt maʼmuriyati quyidagi huquqlarga ega:
- Sayt faoliyatini yaxshilash uchun undagi dasturiy vositalarga oʻzgartirish kiritish, ularni yangilash va yangi dasturiy vositalar qoʻshish;
- Saytdan foydalanish shartlariga amal qilmagan foydalanuvchini ogohlantirish, vaqtincha yoki doimiy bloklash.
6.3. Sayt maʼmuriyati quyidagi majburiyatlarga ega:
- https://savodxon.uz saytining uzluksiz va bexato ishlashini taʼminlash;
- Sayt ishi boʻyicha foydalanuvchilardan tushgan taklif, shikoyat va arizalarni 10 ish kuni ichida koʻrib chiqish, chora koʻrish va ularga javob qaytarish;
- Saytdan foydalanish bilan bogʻliq noqonuniy yoki shubhali xatti-harakatlardan xabar topganda bu haqida vakolatli davlat organlarini ogohlantirish.
6.4. Foydalanuvchi quyidagi majburiyatlarga ega:
- Saytdan foydalanish shartlariga toʻliq amal qilish;
- Saytning dasturiy vositalariga zarar yetkazadigan harakatlarni qilmaslik;
- Saytning xizmatlaridan foydalanishda firibgarlik qilmaslik;
- Saytdagi xizmatlardan amaldagi qonunlarni buzmagan holda foydalanish;
- Saytdan foydalanishda boshqa shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati, va boshqa barcha qonuniy huquqlariga tajovuz qilmaslik;
- Saytdan foydalanish bilan bogʻliq noqonuniy yoki shubhali xatti-harakatlardan xabar topganda bu haqida sayt maʼmuriyatini ogohlantirish.
7. Tomonlarning javobgarligi
7.1. Tomonlar ushbu shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
7.2. Foydalanuvchi ushbu shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik natijasida unda yuzaga keladigan har qanday zararlar yoki boshqa salbiy oqibatlar uchun javobgar boʻladi.
7.3. Foydalanuvchi oʻz shaxsiy maʼlumotlarini muhofaza qilinmagan bogʻlanishlardan foydalanadigan qurilmaga kiritishda yoki ular zarar keltiradigan dasturlar va ilovalar tahdidi ostida boʻlgan holda ularning sozligi uchun toʻliq javobgar boʻladi. Sayt maʼmuriyati foydalanuvchining internet tarmogʻiga ulanishdagi uzilishlar, cheklanishlar, hamda brauzer keshida saqlangan fayllar sabab yuzaga kelgan nosozliklar uchun javobgar hisoblanmaydi.
7.4. Sayt maʼmuriyati shartnoma shartlarini lozim darajada bajarmaganlik uchun, agar bunday bajarmaslik foydalanuvchi tomonidan shartnoma shartlarining bajarilmasligi oqibati boʻlsa, javobgar hisoblanmaydi.
7.5. Sayt maʼmuriyati foydalanuvchi ushbu shartnoma shartlari bilan oʻz vaqtida tanishmagani tufayli foydalanuvchida yuzaga kelgan har qanday zararlar uchun javobgar hisoblanmaydi.
7.6. Sayt maʼmuriyati nazorat doirasi faqat saytning oʻz ishlash qobiliyati bilan cheklanadi va uchinchi shaxslarning aybi bilan yuz bergan nosozliklar yoki davlat idoralari yoki sud hokimiyati organlari tomonidan belgilangan taqiqlar va cheklashlar tufayli ishda yuz bergan uzilishlar uchun javobgar hisoblanmaydi.
7.7. Shartnoma tuzilgandan keyin tomon oldindan koʻra bilishi ham, oqilona choralar bilan oldini olishi ham mumkin boʻlmagan favqulodda hodisalar natijasida yuzaga kelgan yengilmas kuch holatlari (fors-major) oqibatida shartnoma shartlari bajarilmasa, tomonlar ushbu shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar.
7.8. Shartnoma shartlarini keskin va qayta-qayta buzgan foydalanuvchi hisobi bloklanadi va undagi mablagʻ qaytarilmaydi.
7.9. Sayt maʼmuriyati foydalanuvchining kompyuter va raqamli texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmasi yetarli emasligi sababli kelib chiqqan tushunmovchilik va sayt xizmatlaridan foydalanishdagi muammolar uchun javobgar hisoblanmaydi.
8. Shartnomani bekor qilish
8.1. Foydalanuvchi istalgan vaqtda shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli. Bunday holatda foydalanuvchi sayt maʼmuriyatini bu haqida savodxon@gmail.com elektron pochta manzili orqali xabardor qilishi zarur.
8.2. Shartnomani bekor qilish paytida foydalanuvchi hisobida qoldiq mablagʻ boʻlsa, sayt maʼmuriyati shartnoma bekor qilinganda bu mablagʻ qaytarilmasligi haqida foydalanuvchini ogohlantiradi va bu shartga undan rozilik soʻraydi. Foydalanuvchi shartga elektron xat orqali rozilik bergandagina foydalanuvchi hisobi oʻchiriladi.
9. Nizolarni koʻrib chiqish tartibi
9.1. Ushbu shartnomadan kelib chiqqan har qanday nizo tinch yoʻl bilan foydalanuvchining yozma murojaatiga binoan eʼtiroz bildirish tartibida koʻrib chiqiladi. Murojaatni koʻrib chiqish muddati va uning mazmuniga qoʻyiladigan talablar mazkur shartnoma va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
9.2. Yuzaga kelgan nizo eʼtiroz bildirish tartibida hal etilmagan taqdirda, u javobgar joylashgan yerdagi tegishli sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqilishi lozim.
10. Sayt maʼmuriyatining rekvizitlari
YTT JURAYEV JAVLON UMMATALIYEVICH
Guvohnoma raqami: 943990
STIR: 495420081
Hisob raqami: 20218000001037574001
Bank kodi: 01085
IFTUT: 96090
Manzil: Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani, 160706, Gulqishloq qishlogʻi, Yangi hayot mahallasi, 93-uy
Elektron pochta manzili: savodxon@gmail.com