MS Excel uchun ilova
Ushbu ilova yordamida siz Savodxon xizmatlaridan bevosita Microsoft Excel dasturi ichida turib foydalana olasiz.
Eʼtibor bering: Ushbu ilova qay darajada ishlashi sizning kompyuteringiz qanchalik toʻgʻri sozlangani, unda tizim yangilanishlari oʻrnatilgani, MS Office paketining versiyasi va uning ishi qanchalik cheklangani kabi koʻplab omillarga bogʻliq. Biz ilova sizning tizimingizda bexato ishlashiga oldindan kafolat bera olmaymiz. Ilovani yuklab olib, ishlatish bepul — siz Savodxon saytida obuna olish uchungina haq toʻlaysiz.
Windows uchun
Joriy versiya: 2.2
EXE formati ilova kompyuteringizda ishlay olishi uchun zarur boshqa dasturiy vositalarni oʻz ichiga oladi (uni ishga tushirish uchun sizda administrator maqomi boʻlishi kerak):
Ilova oʻrnatiladigan tizimga boʻlgan talablar:
- Microsoft Windows 7+
- .Net Framework 4.8+
- Microsoft Office 2010+
- Operatsion tizimda zarur yangilanishlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Qoʻllanma
Kerakli bobni ochish uchun sarlavha ustiga bosing. Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.
- Ilovani yuklab oling.
- Yuklab olingan faylni ishga tushiring. Buning uchun uning ustiga kursorni olib borib, sichqoncha chap tugmasini ikki marta bosing yoki uni belgilab keyin Enter tugmasini bosing. Shunda ilovani oʻrnatish dasturi ishga tushadi. Uning birinchi sahifasida “Keyingi” (“Next”) tugmasini bosing.
- Keyingi sahifada sizga ilovani qayerga oʻrnatishni tanlash taklif etiladi. Ilova bexato ishlashi uchun avvaldan belgilab qoʻyilgan manzilga oʻrnatishni tavsiya qilamiz. Shunchaki, “Keyingi” tugmasini bosing.
- Keyingi sahifa sizga ilova kompyuteringizga oʻrnatilishga tayyor ekani aytilgan. Oʻrnatishni boshlash uchun “Oʻrnatish” tugmasini bosing.
- Shundan soʻng dastur ilovani kompyuteringizga oʻrnatadi. Bunda sizdan faqat oʻrnatish jarayoni yakunlanishini kutish talab etiladi xolos.
- Oʻrnatish jarayoni yakunlangach, dastur sizga soʻnggi sahifani koʻrsatadi. Bu ilova kompyuteringizga oʻrnatildi degani. Dasturni yopish uchun “Yakunlash” tugmasini bosing.
- Ilova kompyuteringizga muvaffaqiyatli oʻrnatilgandan soʻng, MS Excel dasturini ochsangiz — uning asosiy menyusida “Savodxon” deb nomlangan yangi boʻlim paydo boʻlganini koʻrasiz. Shu boʻlimga oʻtsangiz, ilova tugmalari koʻrinadi.
- Ilovadan foydalanish uchun siz avval Savodxon tizimiga ulanishingiz kerak. Buning uchun Savodxon saytida roʻyxatdan oʻtgan email manzilingizni “Email” satriga, Savodxon saytiga kirish uchun ishlatadigan parolingizni esa “Parol” satriga kiriting va “Kirish” tugmasini bosing.
- Hujjatingizdagi matnda mavjud imlo xatolarini aniqlash uchun “Tekshirish” tugmasini bosing. Agar hujjatning faqat bir qismini tekshirmoqchi boʻlsangiz, shu qismni belgilab, keyin “Tekshirish” tugmasini bosing.
- Ilova hujjatda xato soʻzlarni aniqlasa, alohida oyna ochiladi va birinchi xato va uni toʻgʻrilar uchun taklif qilingan variantlar roʻyxati taqdim etiladi. Taklif qilingan soʻzlardan keraklisini tanlab, ustiga bossangiz, jadvaldagi xato soʻz shu toʻgʻri soʻzga alishtiriladi va ilova keyingi xato soʻzga oʻtadi.
- Siz bir xatodan boshqasiga “◁“ va “▷“ tugmalari bilan ham oʻta olasiz. “◁“ tugmasi hozir koʻrib chiqilayotgan xatodan oldingi xatoga qaytadi, “▷“ tugmasi esa — keyingisiga oʻtadi.
- Matnni bir yozuvdan boshqasiga oʻgirish uchun “Lotinga” va “Kirillga tugmalaridan foydalaning. Bunda hujjatingizda hech bir matn belgilanmagan boʻlsa, u toʻligʻicha siz buyurgan yozuvga oʻgiriladi. Hujjatning alohida qisminigina oʻgirish uchun kerakli kataklarni belgilab, keyin oʻgirish tugmasini bosing.
- Ishni yakunlagach, tizimdan chiqishingiz mumkin. Buning uchun “Chiqish” tugmasini bosing. Agar joriy kompyuteringizdan doimiy foydalansangiz, tizimdan chiqmasdan hujjatni yopishingiz mumkin. Keyingi gal MS Excel ochilganda, ilova sizni tanib oladi va tizimga avtomatik ulanadi.
- Ilovani o'chirish uchun Windows operatsion tizimning "Панель управления" ("Control panel") boʻlimiga kiring va "Удаление программы" ("Uninstall a program") menyusini tanlang.
- Ochilgan roʻyxatda Savodxon ilovasini toping, uni belgilang va "Удалить" ("Uninstall") tugmasini bosing. Shu bilan ilova kompyuteringizdan oʻchiriladi.