Soʻrovnoma natijalari va biz koʻrgan choralar
Foydalanuvchilarimiz orasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari asosida sayt xizmatlarini yaxshilash uchun quyida taʼriflab oʻtilgan choralar koʻrildi (soʻrovnomada ishtirok etgan barcha foydalanuvchilarimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz).
Obuna narxlari
Soʻrovnoma respondentlarining 44 foizdan oshigʻi obuna narxlari bir oz qimmat degan javobni bergan. Shundan kelib chiqib, 3 oylik, 6 oylik va 1 yillik obuna narxlarini pasaytirdik.
Tahrir oynasi tugmalari
Baʼzi foydalanuvchilar tahrir oynasi tugmalari oʻta koʻp va chalkashlik keltirib chiqarishini koʻrsatib oʻtgan. Shu bois, saytdagi matn tahrir qilish oynasi tugmalarini qayta joylab chiqdik: eng koʻp ishlatiladigan tugmalar yuqoridagi qatorda qoldi, muhim boʻlmagan tugmalar yon tarafga olindi.
Matnni tarjima qilish
Bir nechta foydalanuvchimiz saytda matnni boshqa tillardan oʻzbek tiliga tarjima qilish imkoniyati ham boʻlishi kerakligini aytib oʻtgan. Saytimizda bunday imkoniyat mavjud — ammo foydalanuvchilar bundan bexabar qolgani bu bizning aybimiz. Biz tarjima tugmasini tushunarli holatda joylamaganmiz. Buni toʻgʻrilash uchun oʻzbek tiliga tarjima qilish imkoniyati uchun alohida tugma yaratdik va uni matn yozuvini oʻgirish tugmasi yoniga joyladik. Oʻzbek tilidagi matnni rus va ingliz tillariga tarjima qilish uchun esa qoʻshimcha tillar tugmasini bosish kerak.
Dastur lugʻat boyligi
Baʼzi respondentlar dastur noyob soʻzlarni taniy olmasligidan shikoyat qilgan. Biz loyiha boshidan beri dastur lugʻatiga yangi soʻzlarni qoʻshib kelamiz. Bu ishimizni hali ham davom ettiryapmiz.
Dastur ishlash tezligi
Bir nechta foydalanuvchi sayt ishlash tezligi past ekanidan shikoyat qilgan. Biz bunga ikki xil usulda yechim topmoqdamiz: 1) saytimiz joylashgan server kuchini oshirish va 2) dastur algoritmini optimallashtirish. Biz bu koʻrayotgan choralarimiz qanchalik sayt ishlash tezligini yaxshilayotganini doimiy kuzatib boramiz.
MS Word uchun ilova
Hujjatlarni MS Word dasturida tahrir qilishni maʼqul koʻradigan foydalanuvchilar uchun biz maxsus ilova ishlab chiqqanmiz. U baʼzi kompyuterlarda ishlamayotgani haqida shikoyatlar oldik. Buni hal qilish uchun ilovamiz kodini yangilab, uni Windows va Office paketlarining eski versiyalarida ham sinab koʻryapmiz.
Parallel sessiya masalasi
Baʼzi foydalanuvchilar saytdagi hisoblariga bir paytning oʻzida ham brauzerdan, ham MS Word ilova orqali kira olmayotganlaridan norozi boʻlishgan. Bir hisobdan parallel bir nechta sessiyada foydalanishni cheklaganimizga sabab baʼzi foydalanuvchilar sotib olgan obunalarini koʻpchilik bilan ulashishga uringanlari boʻlgan. Bu muammoga biz shunday yechim topdik: endi siz oʻz hisobingizga brauzerdan va Office ilovadan parallel kira olasiz. Brauzerdagi sessiyangiz boshqa brauzer sessiyasi ochilmaguncha amal qiladi. Office sessiyangiz ham boshqa Office ilova orqali kirguningizcha amal qiladi.
Yakuniy fikrlar
Biz soʻrovnomada bildirilgan boshqa asosli tanqid va takliflar yuzasidan ham chora koʻryapmiz. Saytga yangi imkoniyatlar qoʻshishda va mavjud imkoniyatlar mukammal ishlashini taʼminlashga urinishda davom etyapmiz. Agar qoʻshimcha savol va takliflaringiz boʻlsa — biz bilan aloqaga chiqing.
Barcha yangiliklar