person_outline exit_to_app

MS Excel uchun ilova

Ushbu ilovani oʻrnatib, siz Savodxon xizmatlaridan Microsoft Excel dasturi ichida turib foydalana olasiz.

Joriy versiya: 2.1

save_alt Yuklab olish Qoʻllanma

Ilova oʻrnatiladigan tizimga boʻlgan talablar:

  • Microsoft Windows 7+
  • .Net Framework 4.8+
  • Microsoft Office 2010+
  • Operatsion tizimda zarur yangilanishlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.

Avvalgi versiyalar:

v. 2.0 v. 1.0

Qoʻllanma

Ushbu boʻlimda Microsoft Excel (MS Excel) dasturi uchun ishlab chiqilgan maxsus ilovadan foydalanish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.

Mundarija

Ilovaning vazifasi

Ushbu ilova Savodxon dasturi imkoniyatlaridan MS Excel dasturi ichidan turib foydalanishga imkon beradi. Undan foydalanganda MS Excel fayllaringiz matnidagi imlo xatolarini aniqlash yoki uni bir yozuvdan boshqasiga oʻgirish uchun Savodxon saytiga kirishingiz shart emas.

Ilovani oʻrnatish

  1. Ilovani ilovalar sahifasidan yuklab oling.
  2. Yuklab olingan faylni ishga tushiring. Buning uchun uning ustiga kursorni olib borib, sichqoncha chap tugmasini ikki marta bosing yoki uni belgilab keyin Enter tugmasini bosing. Shunda ilovani oʻrnatish dasturi ishga tushadi. Uning birinchi sahifasida “Keyingi” (“Next”) tugmasini bosing.
  3. Uchinchi sahifada sizga ilovani qayerga oʻrnatishni tanlash taklif etiladi. Ilova bexato ishlashi uchun avvaldan belgilab qoʻyilgan manzilga oʻrnatishni tavsiya qilamiz. Shunchaki, “Keyingi” tugmasini bosing.
  4. Toʻrtinchi sahifa sizga ilova kompyuteringizga oʻrnatilishga tayyor ekani aytilgan. Oʻrnatishni boshlash uchun “Oʻrnatish” tugmasini bosing.
  5. Shundan soʻng dastur ilovani kompyuteringizga oʻrnatadi. Bunda sizdan faqat oʻrnatish jarayoni yakunlanishini kutish talab etiladi xolos.
  6. Oʻrnatish jarayoni yakunlangach, dastur sizga soʻnggi sahifani koʻrsatadi. Bu ilova kompyuteringizga oʻrnatildi degani. Dasturni yopish uchun “Finish” tugmasini bosing.

Ilovadan foydalanish

Ilovani ochish

Ilova kompyuteringizga muvaffaqiyatli oʻrnatilgandan soʻng, MS Excel dasturini ochsangiz — uning asosiy menyusida “Savodxon” deb nomlangan yangi boʻlim paydo boʻlganini koʻrasiz. Shu boʻlimga oʻtsangiz, ilova tugmalari koʻrinadi.

Tizimga kirish

Ilovadan foydalanish uchun siz avval Savodxon tizimiga ulanishingiz kerak. Buning uchun Savodxon saytida roʻyxatdan oʻtgan email manzilingizni “Email” satriga, Savodxon saytiga kirish uchun ishlatadigan parolingizni esa “Parol” satriga kiriting va “Kirish” tugmasini bosing.

Matnni tekshirish

  1. Hujjatingizdagi matnda mavjud imlo xatolarini aniqlash uchun “Tekshirish” tugmasini bosing. Agar hujjatning faqat bir qismini tekshirmoqchi boʻlsangiz, shu qismni belgilab, keyin “Tekshirish” tugmasini bosing.
  2. Ilova hujjatda xato soʻzlarni aniqlasa, alohida oyna ochiladi va birinchi xato va uni toʻgʻrilar uchun taklif qilingan variantlar roʻyxati taqdim etiladi. Taklif qilingan soʻzlardan keraklisini tanlab, ustiga bossangiz, jadvaldagi xato soʻz shu toʻgʻri soʻzga alishtiriladi va ilova keyingi xato soʻzga oʻtadi.
  3. Siz bir xatodan boshqasiga “◁“ va “▷“ tugmalari bilan ham oʻta olasiz. “◁“ tugmasi hozir koʻrib chiqilayotgan xatodan oldingi xatoga qaytadi, “▷“ tugmasi esa — keyingisiga oʻtadi.

Yozuvni oʻgirish

Matnni bir yozuvdan boshqasiga oʻgirish uchun “Lotinga” va “Kirillga tugmalaridan foydalaning. Bunda hujjatingizda hech bir matn belgilanmagan boʻlsa, u toʻligʻicha siz buyurgan yozuvga oʻgiriladi. Hujjatning alohida qisminigina oʻgirish uchun kerakli kataklarni belgilab, keyin oʻgirish tugmasini bosing.

Tizimdan chiqish

Ishni yakunlagach, tizimdan chiqishingiz mumkin. Buning uchun “Chiqish” tugmasini bosing. Agar joriy kompyuteringizdan doimiy foydalansangiz, tizimdan chiqmasdan hujjatni yopishingiz mumkin. Keyingi gal MS Excel ochilganda, ilova sizni tanib oladi va tizimga avtomatik ulanadi.

Yordam olish

Ushbu koʻrsatmalarni ilova ichidan turib ham ochish mumkin. Buning uchun “Yordam” tugmasini bosing.

Qoʻshimcha savollaringiz boʻlsa, biz bilan bogʻlanishingiz mumkin. Biz albatta sizga javob berishga va sizni qiynayotgan muammoni hal qilishga harakat qilamiz.

Ilovani oʻchirish

Baʼzan ilovani oʻchirib tashlashga toʻgʻri keladi. Masalan, baʼzi hollarda uning yangi versiyasini oʻrnatishdan oldin, eski versiyasini oʻchirish zarur.

  1. Ilovani o'chirish uchun Windows operatsion tizimning "Панель управления" ("Control panel") boʻlimiga kiring va "Удаление программы" ("Uninstall a program") menyusini tanlang.
  2. Ochilgan roʻyxatda Savodxon ilovasini toping, uni belgilang va "Удалить" ("Uninstall") tugmasini bosing. Shu bilan ilova kompyuteringizdan oʻchiriladi.