exit_to_app person_outline

MS Word uchun ilovadan foydalanish


Videoqoʻllanma

Ushbu qoʻllanmada Microsoft Word dasturi uchun yaratilgan maxsus ilovani oʻrnatish va undan foydalanish yuzasidan batafsil koʻrsatmalar berilgan.

Ushbu boʻlimda Microsoft Word (MS Word) dasturi uchun ishlab chiqilgan maxsus ilovadan foydalanish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.

Mundarija

Ilovaning vazifasi

Ushbu ilova Savodxon dasturi imkoniyatlaridan MS Word dasturi ichidan turib foydalanishga imkon beradi. Undan foydalanganda MS Word fayllaringiz matnidagi imlo xatolarini aniqlash yoki uni bir yozuvdan boshqasiga oʻgirish uchun Savodxon saytiga kirishingiz shart emas.

Ilovani oʻrnatish

  1. Ilovani ilovalar sahifasidan yuklab oling.
  2. Yuklab olingan faylni ishga tushiring. Buning uchun uning ustiga kursorni olib borib, sichqoncha chap tugmasini ikki marta bosing yoki uni belgilab keyin Enter tugmasini bosing. Shunda ilovani oʻrnatish dasturi ishga tushadi. Uning birinchi sahifasida “Keyingi” (“Next”) tugmasini bosing.
  3. Ikkinchi sahifada sizga dasturdan foydalanish shartlariga rozi boʻlish taklif qilinadi. Rozilik bildirish uchun “I accept the terms in License Agreement”(“Men foydalanish shartlariga roziman”) satriga belgi qoʻying. Shundan soʻng yana “Next” tugmasini bosing.
  4. Uchinchi sahifada sizga ilovani qayerga oʻrnatishni tanlash taklif etiladi. Ilova bexato ishlashi uchun avvaldan belgilab qoʻyilgan manzilga oʻrnatishni tavsiya qilamiz. Shunchaki, “Next” tugmasini bosing.
  5. Toʻrtinchi sahifa sizga ilova kompyuteringizga oʻrnatilishga tayyor ekani aytilgan. Oʻrnatishni boshlash uchun “Install” tugmasini bosing.
  6. Shundan soʻng dastur ilovani kompyuteringizga oʻrnatadi. Bunda sizdan faqat oʻrnatish jarayoni yakunlanishini kutish talab etiladi xolos.
  7. Oʻrnatish jarayoni yakunlangach, dastur sizga soʻnggi sahifani koʻrsatadi. Bu ilova kompyuteringizga oʻrnatildi degani. Dasturni yopish uchun “Finish” tugmasini bosing.

Ilovadan foydalanish

Ilovani ochish

Ilova kompyuteringizga muvaffaqiyatli oʻrnatilgandan soʻng, MS Word dasturini ochsangiz — uning asosiy menyusida “Savodxon” deb nomlangan yangi boʻlim paydo boʻlganini koʻrasiz. Shu boʻlimga oʻtsangiz, ilova tugmalari koʻrinadi.

Tizimga kirish

Ilovadan foydalanish uchun siz avval Savodxon tizimiga ulanishingiz kerak. Buning uchun Savodxon saytida roʻyxatdan oʻtgan email manzilingizni “Email” satriga, Savodxon saytiga kirish uchun ishlatadigan parolingizni esa “Parol” satriga kiriting va “Kirish” tugmasini bosing.

Matnni tekshirish

  1. Hujjatingizdagi matnda mavjud imlo xatolarini aniqlash uchun “Tekshirish” tugmasini bosing.
  2. Ilova matndagi xato soʻzlarni qizil rangda ajratib koʻrsatadi, MS Word oynasi yon tomonida qoʻshimcha oyna ochiladi va unda birinchi xato soʻz uchun toʻgʻri variantlar taklif qilinadi. Taklif qilingan soʻzlardan keraklisini tanlab, ustiga bossangiz, matndagi xato soʻz shu toʻgʻri soʻzga alishtiriladi va ilova keyingi xato soʻzga oʻtadi.
  3. Agar siz yozgan soʻz toʻgʻri boʻlsa-yu, ilova uni xato deb topgan boʻlsa, siz ikki yoʻldan birini tanlashingiz mumkin:
    1) qizil rangdagi “+“ tugmani bosish orqali shu soʻzni oʻz shaxsiy lugʻatingizga qoʻshib qoʻyish. Keyingi tekshirishlarda ilova bu soʻzni toʻgʻri deb hisoblashni odat qiladi.
    2) sariq rangdagi “↷“ yoki “↷↷“ tugmalaridan birini bosib, bu soʻzni tekshirmay oʻtkazib yuborish. “↷“ tugmasini bossangiz, aynan hozir ajratib koʻrsatilgan xato oʻtkazib yuboriladi, “↷↷“ tugmasi shu soʻzning matnda aniqlangan barcha nusxalarini oʻtkazib yuboradi.
  4. Siz bir xatodan boshqasiga “◁“ va “▷“ tugmalari bilan ham oʻta olasiz. “◁“ tugmasi hozir koʻrib chiqilayotgan xatodan oldingi xatoga qaytadi, “▷“ tugmasi esa — keyingisiga oʻtadi.
  5. Siz matnda aniqlangan xatolarni birma-bir koʻrib chiqishingiz shart boʻlmasa, oʻzingizga kerakli xato soʻz ustiga kursorni olib borib, sichqoncha chap tugmasini bosing. Shunda ilova siz tanlagan xatoga sakrab oʻtadi va u uchun toʻgʻri variantlar taklif qiladi.
  6. Hujjatingizdagi matnni toʻligʻicha tekshirishga hojat boʻlmasa, matnning sizga kerakli qismini belgilang va “Tekshirish” tugmasini bosing. Shunda ilova ana shu belgilangan matndagi xatolarnigina aniqlaydi. Bu imkoniyat oʻta katta matnni tekshirishda qoʻl keladi, chunki ilovaga birdaniga oʻta uzun matn berilsa, uni tekshirish uzoq muddatga choʻzilishi mumkin.

Yozuvni oʻgirish

Matnni bir yozuvdan boshqasiga oʻgirish uchun “Lotinga” va “Kirillga tugmalaridan foydalaning. Bunda hujjatingizda hech bir matn belgilanmagan boʻlsa, u toʻligʻicha siz buyurgan yozuvga oʻgiriladi. Hujjatning alohida qisminigina oʻgirish uchun kerakli matnni belgilab, keyin oʻgirish tugmasini bosing.

Tizimdan chiqish

Ishni yakunlagach, tizimdan chiqishingiz mumkin. Buning uchun “Chiqish” tugmasini bosing. Agar joriy kompyuteringizdan doimiy foydalansangiz, tizimdan chiqmasdan hujjatni yopishingiz mumkin. Keyingi gal MS Word ochilganda, ilova sizni tanib oladi va tizimga avtomatik ulanadi.

Yordam olish

Ushbu koʻrsatmalarni ilova ichidan turib ham ochish mumkin. Buning uchun “Yordam” tugmasini bosing.

Qoʻshimcha savollaringiz boʻlsa, biz bilan bogʻlanishingiz mumkin. Biz albatta sizga javob berishga va sizni qiynayotgan muammoni hal qilishga harakat qilamiz.

Ilovani oʻchirish

Baʼzan ilovani oʻchirib tashlashga toʻgʻri keladi. Masalan, baʼzi hollarda uning yangi versiyasini oʻrnatishdan oldin, eski versiyasini oʻchirish zarur.

  1. Ilovani o'chirish uchun Windows operatsion tizimning "Панель управления" ("Control panel") boʻlimiga kiring va "Удаление программы" ("Uninstall a program") menyusini tanlang.
  2. Ochilgan roʻyxatda Savodxon ilovasini toping, uni belgilang va "Удалить" ("Uninstall") tugmasini bosing. Shu bilan ilova kompyuteringizdan oʻchiriladi.
live_help