Savodxonni bepul loyihaga aylantirishga urinish
Qadrli doʻstlar,
Savodxon loyihasi pulli xizmatga aylangandan beri “Oʻzbek tili ravnaqi va savodxonlik ommalashishi uchun juda zarur boʻlgan bunday dastur nega pulli?” degan asosli savol koʻpchilik foydalanuvchilar xayolidan oʻtdi. Biz (loyiha mualliflari) aksari jamiyatlarda bu kabi dasturlar bepul ekanidan boxabarmiz va aslida bizda ham bunday loyiha tijorat loyihasi boʻlmasligi kerakligiga ishonamiz.
Shundan kelib chiqib, bir necha oy avval biz Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasiga Savodxon loyihasini bepul ijtimoiy loyihaga aylantirishni moliyalashtirishni soʻrab murojaat qildik. Har qalay, bunday loyihalarni moliyalashtirish bilan aynan shu jamgʻarma mashgʻul deb oʻyladik (jamgʻarma nomi, axir, shunday xulosa beradi). Moliyalashtirish evaziga Savodxon dasturini toʻliq bepul qilish, uning dasturiy kodi va lugʻat bazasini ochiq maʼlumot sifatida (open source) eʼlon qilish taklifini berdik. Buning quyidagi afzalliklarini taʼkidlab oʻtdik:
- Dasturdan foydalanish hamma uchun bepul boʻladi. Bu oʻzbek tilida yozilayotgan va eʼlon qilinayotgan matnlarning imloviy sifati oshishiga hissa qoʻshadi. Dastur pulli boʻlgani uchun undan avval foydalanmay yurgan odamlar ham undan foydalana boshlaydi. Savodxonlik ommalashadi.
- Davlat organlarida hujjat yuritishda dastur imkoniyatlarini toʻliq tatbiq qilish imkoni yaraladi. Bu davlat tilida rasmiy ish yuritishda imlo mezonlari buzilishiga chek qoʻyadi.
- Dastur kodi ochiq eʼlon qilinsa, uning ustida boshqa dasturchilar ham ishlay oladilar va koʻpchilik bir boʻlib, dastur imkoniyatlarini yana ham kengaytiradilar.
- Dastur lugʻat bazasida bugun 150 ming asos va 5,6 million qoʻshimcha jamlangan. Ushbu baza ochiq eʼlon qilinsa, undan tilshunoslar, tadqiqotchilar va dasturchilar foydalana oladi. Bu til sohasida ilmiy izlanishlar jadallashishi va yangi – yanada qudratliroq dasturiy mahsulotlar yaralishiga xizmat qiladi.
Jamgʻarma maʼmuriyatiga ushbu taklifni yetkazish qiyinchiliklariga qaramasdan, imkonini qilib, 2022-yil 24-oktyabrda elektron pochta orqali ularga taklifimizni yubordik. Jamgʻarma xodimi bilan Facebook orqali bogʻlanib, taklifimiz ularga yetib borganiga ishonch hosil qildik.
Ammo shu kungacha ulardan taklif yuzasidan hech qanday javob olmadik. Taklifimiz ularga maʼqul kelmagan boʻlsa kerak degan taxmin bilan oʻz ishimizni davom ettirdik, dastur ishi va sayt qulayligini yaxshilash bilan band boʻldik. Bu hodisa haqida qaytib eslamadik.
Biroq shu kunlarda eʼtiborimizni http://tahrirlovchi.uz/ manzilida joylashgan sayt oʻziga tortdi. Sayt bilan tanishar ekanmiz, uning Loyiha haqida boʻlimidagi mana bu matnga duch keldik:
"Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoni ijrosi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi “Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ tomonidan Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan."
Bu holatga qanday munosabatda boʻlishni bilmay qoldik, ochigʻi. Tahrirlovchi saytidagi dastur ishlash sifatini juda yuqori deb boʻlmaydi. Uning imloni tekshirish oynasida saytning oʻzidan olingan oddiy matnni tekshirib koʻrganimizda, natija mana bunday boʻldi:
Saytning Lugʻat boʻlimi ham borligini koʻrib, uning imkoniyatlari bilan qiziqdik. U yerda soʻzlarning izohlari keltirilgan ekan. Lekin bir nechta soʻz izohini izlab koʻrganimizda, juda shubhali holat yuzaga chiqdi.
Gap shundaki, biz oʻz lugʻatimizdagi soʻzlar izohiga ishlov berish jarayonida, baʼzi soʻzlar bazadan chiqarilishi kerak deb hisoblab, ularning izoh matnini “Delete.w” kabi qisqa buyruq koʻrinishida kiritib ketganmiz. Ne koʻz bilan koʻraylikki, Savodxon saytida qaysiki soʻz uchun shunday shartli matn kiritilgan boʻlsa, davlat moliyalashtirgan saytda ham xuddi shu takrorlangan:
Loyihaga asos qilib keltirilgan qarorda oʻzbek tilidagi matnni tahrir qilish imkonini beruvchi dastur uchun 1 milliard soʻm ajratilgani yozilgan. Ijrochi etib aynan UZINFOCOM belgilangan. Bu holat yuzasidan loyihaning davlat reyestridagi mana bu sahifasida oʻz izohlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Mana shunaqa gaplar. Biz kimnidir nimadadir ayblashdan yiroqmiz. Biz oʻz mehnatimiz koʻlamini va qadrini bilamiz — foydalanuvchilarimiz ham uning qadrini yaxshi bilishini tushunamiz. Ammo bu boʻlib oʻtgan ishlar haqida sizlarni ham boxabar qilishni maʼqul topdik. Xulosani har kim oʻzi chiqarsin...
Barcha yangiliklar